Content-Length: 240261 | pFad | https://uz.wikipedia.org/wiki/Togo

Togo - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Togo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya


Togo Respublikasi
République Togolaise
ShiorTravail, Liberté, Patrie
(Fransuzcha: Mehnat, ozodlik, vatan)
Madhiya: Salut à toi, pays de nos aïeux
(Hail to thee, land of our forefathers)
Location of Togo
Poytaxt Lome
Rasmiy til(lar) Fransuzcha
Hukumat Prezidentlik Respublika
• Prezident
Faure Gnassingbe
Komi Sélom Klassou
Mustaqillik (BMT vasiylikdagi Fransiya ma'muriyatidan)
• Sana
27-aprel 1960
Maydon
• Butun
56,785 km2 (126-oʻrin)
• Suv (%)
4.2
Aholi
• 2022-yilgi roʻyxat
8,848,699 (106-oʻrin)
• Zichlik 100/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$8,948 mil. (142-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$1,575
Pul birligi CFA Franc (XOF)
Vaqt mintaqasi UTC+0
• Yoz (DST)
UTC+0
Qisqartma TO
Telefon prefiksi 228
Internet domeni .tg

Togo (Togo Respublikasi, Repudlique Togolaise) – Gʻarbiy Afrikadagi davlat. BMT aʼzosi. Maydoni 56,8 ming km². Aholisi 8,8 mln. kishi (2022). Poytaxti – Lome shahri. Maʼmuriy jihatdan 5 viloyat (region)ga boʻlingan.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Togo – respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1992-yil 27 sentabrdagi referendumda maʼqullangan. Davlat boshligʻi–prezident (1967-yildan Gnasingbe Eyadema). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy Majlis (parlament), ijrochi hokimiyatni prezident bilan hukumat amalga oshiradi.

Togo Gvineya qoʻltigʻining shimoliy sohilida joylashgan va dengiz boʻyi akkumulyativ pasttekisligidan, markaziy qismi tekislik va 200–400 m balandlikdagi platodan iborat. Eng baland joyi Togo togʻidagi Bauman choʻqqisi (986 m). Shimoli-sharqda Atakoro tizmasi bor. Shimoli-gʻarbiy chekkasida Oti daryosi vodiysi joylashgan. Foydali qazilmalardan temir rudasi, oltin, marmar, osh tuzi, fosforit, xromit, boksit bor. Iqlimi subekvatorial. Oʻrtacha oylik harorat 20–25° dan 28–32° gacha, yillik yogʻin sohilda 600–800 mm dan tekislik va markaziy platoda 1200–1700 mm gacha. Yirik daryolari: Mono va Oti. Ushbu daryolar Yogʻingarchilik mavsumida sersuv bo'ladi. Togo koʻli gʻoyat xushmanzara. Baland oʻsadigan savannalar, daryo vodiylarida doim yashil oʻrmonlar bor. Yirik hayvonlardan fil, arslon, qoplon, kiyik, chiyaboʻri, jirafa, begemot, timsoh va boshqalar, oʻrmonda maymun, ilon koʻp uchraydi. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish uchun Kve, Keran milliy bogʻlari, Fazao, Malfakasa va boshqa qoʻriqxonalar tashkil etilgan.

Togoda 45 ga yaqin xalq va etnik guruhlar mavjud. Mamlakat janubiy va markaziy qismida kva tillarida soʻzlashuvchi xalqlar (eve, yoruba, mina va boshqalar), qirlarda va ayniqsa Gana bilan chegaraga yaqin joylarda togo, shimolda chokossi xalqlari, Togo shimoliy va markaziy qismida gur tillarida soʻzlashuvchi xalqlar (kabre, gurma, tem, somba, kotokoli, basari va boshqalar), shuningdek fransuz va livanliklar ham yashaydi. Rasmiy til – fransuz tili. Aholining yarmidan koʻprogʻi mahalliy anʼanaviy dinlarga, qolganlari xristianlik va islomga eʼtiqod qiladi. Shahar aholisi 30,8%. Yirik shaharlari: Lome, Sokode, Vogan, Kpalime, Atakpame.

Arxeologiya topilmalari Togo hududida odam qadimdan yashaganligi va moddiy madaniyat darajasi yuqori boʻlganligidan darak beradi. 15-asr oʻrtalarida portugaliyaliklar bu yerga kelib, qora tanli qullarni Amerikaga sotish uchun olib keta boshlaganlar. 17-18-asrlarda qul savdosi avj olishi natijasida Togoning janubda aholi kamayib, bu hol mamlakat taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. 19-asrning 2-yarmiga kelib, yirik davlat uyushmalari (jan.da Eve uyushmasi, shimolda kotokoli va chokossi musulmon qabilalari uyushmasi) paydo boʻldi. 19-asr oxirida Togo hududini mustamlakachilar bosib ola boshladi. 1884-yil Germaniya komissari Naxtigal Togo koʻli yonidagi Eve uyushmasining hukmdori Mpla 111 bilan protektorat haqida bitim imzoladi. Natijada Togo hududining katta qismida l hukmron boʻlib oldi. 1891-1901-yillarda mamlakat janubida mustamlakachilarga qarshi qoʻzgʻolonlar boʻldi. Birinchi jahon urushida Germaniya magʻlubiyatga uchrashi natijasida Buyuk Britaniya Togoning gʻarbiy qismini, Fransiya sharqiy qismini idora qilishga mandat oldi. 1946-yil Sharqiy va Gʻarbiy Togo BMTning Buyuk Britaniya va Fransiya boshqaruvidagi vasiylik hududi deb eʼlon qilindi. Ikkinchi jahon urushidan keyin fransuz Togosida milliy mustaqillik harakati kuchaydi va unga Togo Birlik qoʻmitasi boshchilik qildi. 1956-yil fransuz Togosi Fransiya Hamjamiyati tarkibida oʻzini oʻzi boshqaruvchi respublika deb eʼlon qilindi. Britaniya Togosi 1956-yil referendum natijasida inglizlarning Oltin Qirgʻoq (1957-yildan mustaqil Gana davlati)ga qoʻshildi. 1960-yil 27 aprelda Togo mustaqil respublika deb eʼlon qilindi. Togo – 1960-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1993-yil 10 noyabrda tan olgan. Milliy bayrami – 27-aprel – Mustaqillik kuni (1960).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Togo xalqi birlashmasi partiyasi - 1969-yil tuzilgan; Yangilanish uchun harakat qoʻmitasi partiyasi - 1991-yil tashkil etilgan; Adolat va demokratiya yoʻlidagi ittifoq partiyasi - 1991-yil asos solingan; Demokratiya va taraqqiyotni qoʻllab quvvatlash birlashmasi partiyasi; Yangi kuchlarni muvofiqlashtirish partiyasi - 1993-yil tuzilgan. Togo mehnatkashlari milliy konfederatsiyasi - 1973-yil asos solingan.

Togo – agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligining ulushi 32%, sanoatning ulushi 23%, xizmat koʻrsatish sohasining ulushi 45%ga teng. Qishloq xoʻjaligida aholining 3/4 qismi band. Qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerlar 3,5 mln. gektar. Hududining 41% haydaladigan yer va koʻp yillik ekinzorlar va 36% ga yaqini oʻtloq va yaylovlar hasoblanadi. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi – dehqonchilik. Ichki ehtiyoj uchun maniok, yams, makkajoʻxori, tariq, oq joʻxori, sholi, eksport uchun qahva, kakao yetishtiriladi. Ham ichki ehtiyoj, ham eksport qilish uchun paxta, moyli ekinlar, kokos palmasi, yeryongʻoq, kanakunjut va boshqalar yetishtiriladi. Chorvachilik sust rivojlangan. Oz miqdorda qoramol, qoʻy va echki, choʻchqa, uy parrandasi boqiladi. Dengiz, koʻl va daryolarda baliq ovlanadi. Yovvoyi mevalarni terish va ovchilikning ahamiyati katta. Sanoatning yangi tarmoqlari mustaqillik yillarida (konchilik, kimyo, toʻqimachilik, metallurgiya, sement) vujudga keldi. Sanoat ishlab chiqarish surʼatlari oshdi. Asosan, mayda korxonalar mavjud, hunarmandchilik rivojlangan. Lome poytaxt zonasi, shu jumladan dengiz porti zonasi asosiy ishlab chiqarish markazidir. 70-yillarning oxiridan Togoning shimoli-sharqiy qismida ham sanoat rivojlana boshladi. Mamlakat janubidagi Xaxotoe, Akumape, Kpogame atroflarida fosforit, Gnaulu atrofida dolomit, marmar, dengiz sohilidagi Anexo shahri yaqinida osh tuzi qazib olinadi. Yiliga oʻrtacha 93 mln. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Ishlab chiqarish sanoati kimyo, oziq-ovqat, toʻqimachilik, koʻnpoyabzal, poʻlat quyish, metall ishlash va boshqa mayda korxonalardan iborat. Lome yaqinida yiliga 1 mln. tonna neftni qayta ishlaydigan zavod bor. Bundan tashqari, sement, metallurgiya, plastmassa buyumlar, atsetilen, gugurt, lokboʻyoq ishlab chiqarish zavodlari qurilgan. Atakpame yaqinida yigiruv-toʻquv kombinati ishlaydi.

Temir yoʻli uzunligi 395 km, avtomobil yoʻllari uzunligi 12 ming km. Lome shahridan 9 km uzoqlikda yirik dengiz porti mavjud. Havo transportida xalqaro yoʻlovchilar va pochta joʻnatmalari tashiladi. Lome shahri yaqinida Tokuen xalqaro aeroporti bor. Togo chet davlatlarga fosforit, sement, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qiladi, chet davlatlardan mashina va uskuna, qand-shakar, guruch, sut mahsulotlari oladi. Asosan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, jumladan, Fransiya hamda Kot d’ Ivuar, Nigeriya va boshqa mamlakatlar bilan savdo qiladi. Pul birligi KFA franki.

Maorifi va ilmiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Togo mustaqilligi eʼlon qilingandan keyin 6 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun majburiy boshlangʻich taʼlim joriy qilingan. Boshlangʻich maktab-da 6 yillik taʼlim beriladi. Umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻqish muddati 7 yil: toʻliqsiz oʻrta maktab (kollej)da 4 yil va toʻliq oʻrta maktab (litsey)da 3 yil taʼlim beriladi. Hunar-texnika taʼlimi boshlangʻich maktab negizida, oʻrta texnika taʼlimi toʻliqsiz oʻrta maktab negizida 3–6 yil davomida amalga oshiriladi. Oliy taʼlim Lomedagi Benin universiteti (1965-yildan kollej, 1970-yildan universitet) da olinadi. Universitet tarkibida tibbiyot-biologiya fakulteti, adabiyot maktabi, tibbiy fanlar maktabi, huquq va boshqaruv oliy maktabi, iqtisodiyot va biznes oliy maktabi, oliy muhandislik maktabi, oliy qishloq xoʻjaligi. maktabi, sogʻliqni saqlash va biologiya fanlari instituti, tibbiyot maktabi, milliy pedagogika instituti, oliy jurnalistika instituti bor. Toʻliqsiz oliy maʼlumot beradigan bir qancha kollejlar: Kpalimeda agronomiya sohasida kasb taʼlimi maktabi (1901), Lomeda meʼmorlik maktabi (1975), Milliy maʼmuriy maktab (1958), Sokodeda Texnika kolleji ham bor. Togolar Benin universiteti, Demografiya muammolari tadqiqot instituti, Afrika xalqaro huquq institutida, Lome-dagi Toʻqimachilik va paxta tadqiqot instituti (1948), Milliy ilmiy tadqiqot instituti (1965), Ilmiy texnika tadqiqot byurosi (1949), Tropik agronomiya tadqiqot institutida olib boriladi. Milliy kutubxona, universitet kutubxonasi, Milliy muzey ham bor.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Togoda nashr etiladigan gazeta va jurnallar: „Jurnal ofisyel de la Repyublik Togolez“ („Togo Respublikasining rasmiy gazetasi“, hukumatning fransuz tilidagi kundalik xabarnomasi), „Togopress“ (fransuz, eve va kabre tillarida chiqadigan kundalik gazeta, 1962-yildan), „Togo dialog“ (hukumatning oylik jurnali), „Evey dyu Travayer Togole“ („Togo mexnatkashlarining uygʻonishi“ (1 oyda 2 marta chiqadigan gaz.,). Togo matbuot agentligi 1975-yil tashkil etilgan. Togo (Xalqaro) radioeshittirishi – Lome radiosiga 1953-yil, Togo (Milliy) radioeshittirishiga 1979-yil asos solingan.

Meʼmorchiligi va tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Togo qishloqlari koʻpincha qir yon bagʻirlariga joylashgan boʻlib, muayyan rejasiz qurilgan. Oʻrmonlar orasida doira shaklida loydan qurilgan konussimon poxol tomli uylar uchraydi. Togʻli va janubiy viloyatlarda uylar yogʻochdan toʻrt burchakli, tomi yassi yoki ikki tomonga nishab qilib, laguna sohillarida esa qoziq oyoqlar ustiga quriladi. Shimolda atrofi devor bilan oʻralgan, bir necha 2–3 qavatli uylardan iborat qoʻrgʻonlar quriladi, Lome, Anexo, Kpalime, Sokode, SansanneMongo shaharlarida maʼmuriy markazlar va yangi turar joy mavzelarida yevropacha binolar zamonaviy material hamda konstruksiyalardan qurilgan. Togo janubida yashovchi xalqlar yogoch oʻymakorligi sohasida goʻzal sanʼat asarlari yaratganlar. Ajdodlarning siymolari, „ibeji“ deb atalgan juft haykalchalar shaklining mayinligi va nozikligi bilan ajralib turadi. Temir, yogʻoch, loydan yasalgan haykallar (urush xudosi Guning tasviri) va muqaddas hayvonlarning tasvirlari mashhur. 1960-yillardan milliy rassomlik maktabi vujudga kela boshladi. Yevropada va mahalliy rassomlik maktablarida taʼlim olgan rassom va haykaltaroshlar (P. Ayi, F. Sambiani, D. Gbenon, E. Dablya, R. Dalakena, L. F. Togbunu, D. Xunse va boshqalar) oʻz asarlarida xalqlar turmushi va hayotiy muammolarni aks ettiradilar. Badiiy hunarmandlikda yogʻoch, metall va fil suyagi oʻymakorligi, badiiy kashtachilik, savat toʻqish keng tarqalgan.

Teatr sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Togo xalqlarining madaniy merosi anʼanaviy urf-odat va marosimlar, xalq bayramlari asosida shakllangan. Griotlar – sayyor baxshilar, xonanda va sozandalar ijodi xalq teatrini vujudga keltirish va rivojlantirishda boy manba boʻlib xizmat qiladi. Ularning koʻngilochar hajviy tomoshalarida xasislik, yolgʻonchilik, riyokorlik mazax qilinadi. 20-asrning 40-yillarida zamonaviy teatr rivojlangan. Maktablarda havaskorlik toʻgaraklari tashkil etildi. 60-yillarda havaskor teatr jamoalari paydo boʻldi. 1963-yil dramaturglar M. Aytnard va D. Ananu rahbarligida Togo yoshlarining teatr va folklor guruhi oʻz faoliyatini boshladi. Lomedagi „Agokoli“ yarim professional truppasi 70–80-yillarda ayniqsa mashhur boʻldi. 1974-yil davlat koʻmagi bilan teatr, balet va musiqa seksiyalaridan iborat professional Togo milliy truppasi tuzildi. 1970-yildan drama sanʼati va xalq qoʻshiqlari festivallari oʻtkaziladi.












ApplySandwichStrip

pFad - (p)hone/(F)rame/(a)nonymizer/(d)eclutterfier!      Saves Data!


--- a PPN by Garber Painting Akron. With Image Size Reduction included!

Fetched URL: https://uz.wikipedia.org/wiki/Togo

Alternative Proxies:

Alternative Proxy

pFad Proxy

pFad v3 Proxy

pFad v4 Proxy