Content-Length: 165957 | pFad | http://uz.wikipedia.org/wiki/Ingushiya

Ingushiya - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Ingushiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Davlat bayrog'i.

Ingushiya, Ingushiya Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Maydon 3,6 ming km2. Aholisi 497 ming kishi (2019). Poytaxti — Magas shahari. Maʼmuriy jihatdan 4 ta tuman, 3 ta shaharga boʻlinadi. Davlat tili ingush va rus tillaridir.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

IngushiyaRespublika. Davlat boshligʻi – prezident. Qonun chiqaruvchi organi – Xalq majlisi (parlament). Ijrochi organi — hukumat.

Ingushiya Katta Kavkaz tizmasi shimoliy yon bagʻrining markaziy qismida joylashgan. Iqlimi moʼtadil kontinental. Oʻrtacha temperatura: yanvarda — 3 dan —10° gacha, iyulda 21—23°. Yiliga 1200mm gacha yogʻin yogʻadi. Asosiy daryosi – Sunja. Tekislikdagi tuprogʻi – dasht tuprogʻi. Togʻlarda keng bargli oʻrmonlar baland togʻ oʻtloqlariga tutashadi.

Ingushlar (371 ming kishi), chechenlar ( 96 ming kishi), ruslar( 6559) turklar (2,4 ming kishi) va boshqalar yashaydi. Ingushlar oʻzlarini "galgay" deb ataydilar. Dindorlar islom dinining sunna mazhabida.

Ingushlar VII asrda birinchi bor tilga olinadi. IX asr oxiri – XIII asr boshlarida Ingushlar Alanlar davlati tarkibiga kirgan. XVI asrga qadar togʻlarda alohida-alohida (Jerax, Fepin, Galga, Sorin, Metsxal) urugʻqabila jamoalariga uyushib yashab kelgan. XVI–XVII asrlarda aholi Sunja va Terek daryolari vodiylariga joylashgan. Ingushlar yerlarini 1810-yilda Rossiya bosib olgan. 1921-yildan RSFSR tarkibidagi Togʻlilar ASSRga kiritilgan. 1924-yilda Ingushlar muxtor viloyati tuzilgan. 1934-yildan Chechen-Ingushiya muxtor viloyati boʻlgan, 1936-yilda u ASSR ga aylantirilgan. Ingushlar 1942-yil kuzda nemislar tomonidan bosib olindi. 1943-yil yanvarda ozod etildi. 1944-yilda Chechen-Ingushiya ASSR tugatilib, aholisi Ikkinchi jahon urushi davrida bosqinchilarga yon bosdi, degan tuhmat bilan zoʻrlab Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonga koʻchirilgan. 1957-yilda muxtor respublika tiklangan. 1990-yilda Chechen-Ingushiya ASSR Oliy Kengashi davlat suvereniteti haqida deklaratsiya qabul qildi. 1992-yil dekabrda Ingushiya Respublikasi tuzildi.

Iqtisodiyotida neft qazib olish, neft kimyosi, kimyo, gazni qayta ishlash, metallsozlik, trikotaj, oziq-ovqat korxonalari muhim oʻrinda turadi. Qishloq xoʻjaligi, asosan, Sunja va Kambileyevka daryolari vodiylarida rivojlangan. Makkajoʻxori, bugʻdoy, suli, arpa, qand lavlagi, kungaboqar, kartoshka yetishtiriladi. Bogʻdoychilik va sabzavotchilik bilan ham shugʻullaniladi. Chorvachiligida qoramol, qoʻy (asosan, mayin tolali jun beradigan qoʻylar), choʻchqa boqiladi.

Ingush xalqining oʻziga xos va boy ogʻzaki adabiyoti mavjud. Ammo yozma adabiyoti XX asr boshlarida shakllandi. Z. Malsagov (1894–1935)ning "Oʻgʻirlangan qiz" pyesasi (1923) ingush tilidagi birinchi bosma asardir. 30-yillarda S. Oziyev, X. Mutaliyev, J. Yandiyev kabi shoirlar, A. Goygov, I. Bazorkin kabi adiblarning asarlari bosilib chikdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida J. Yandiyev, M. Xashagulgov, I. Bazorkinlarning fashist bosqinchilarga nafrat ruhidagi asarlari katta ahamiyatga ega boʻldi. 50-yillardan adabiyot badiiy yuksaklikka koʻtarildi, barcha zamonaviy janrlarda, ayniqsa roman janrida salmokli asarlar yaratildi. Birinchi ingush romannavisi S. Chaxkiyevning "Oltin ustunlar", "Boʻrining tunlari" asarlari ingush adabiyotida muhim voqea boʻldi. Ularning birinchisida axloq-odob muammolari koʻtarilgan boʻlsa, ikkinchisi tarixiy mavzuda edi. I. Bazorkinning "Asriy zulmatlar osha" epopeyasi xalqning keyingi bir asrlik hayoti va fikr-oʻylarini ifodalab bergan. 60–90-yillarda sheʼriyat badiiy jihatdan ancha yuksaldi, prozada sermazmun ocherk, qissa, romanlar yaratildi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil








ApplySandwichStrip

pFad - (p)hone/(F)rame/(a)nonymizer/(d)eclutterfier!      Saves Data!


--- a PPN by Garber Painting Akron. With Image Size Reduction included!

Fetched URL: http://uz.wikipedia.org/wiki/Ingushiya

Alternative Proxies:

Alternative Proxy

pFad Proxy

pFad v3 Proxy

pFad v4 Proxy