Kontent qismiga oʻtish

Abstraksiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Abstraksiya (lot. abstractio — ajratish, mavhumlash) — 1) butunning tomoni, momenti, boʻlagi, fragmenti, rivojlana olmagan, bir tomonlama, fragmentar (abstrakt) narsa; 2) bilishda ob’ektiv reallikdagi predmet, hodisalarning ikkinchi darajali, uncha muhim boʻlmagan ayrim xususiyatlaridan xayolan uzoqlashtiruvchi va shu asosda ularning eng muhim, asosiy tomonlarini boʻrttirib koʻrsatuvchi fikriy model. Narsa va hodisalarning konkret tomon, belgilaridan uzoqlashish va muhim jihat, belgilarini ajratish jarayoni abstraksiyalash (mavhumlashtirish), shu jarayonning natijasi, yakuni, xulosasi esa abstraksiya deyiladi. Abstraksiya bilishda tushuncha, kategoriya shaklida namoyon boʻladi. Mavhumlashtirish asosan tafakkurning muhim xususiyati hisoblansada, lekin tasavvurda ham abstraksiyaning ayrim elementlarini uchratish mumkin. Abstraksiyalash jarayonida turli kategoriyalar, qonun, qonuniyat, sababiyat kabi mavhum tushunchalar vujudga kelib, bu tushuncha va kategoriyalar olamni bilishning muhim yakunlarini, natijalarini qurollarini tashkil etadi. Olamni oʻrganishda, hodisalarning mohiyatini ochishda, ular haqida toʻgʻri xulosalar chiqarishda A. ning ahamiyati katta. Abstraksiyalash miyaning sof ichki mahsuli emas, u reallikdagi hodisalar xususiyatini u yoki bu tarzda aks ettirishning hosilasidir. Reallikdagi har bir predmet bevosita yoki bilvosita boshqa predmet bilan bogʻliq va u bilan birga qandaydir umumiylikka ega. Shuning uchun har bir predmetning faqat oʻziga xos xislatlari bilan birga umumiy tomonlari ham borki, bular shu predmetning maʼlum tartibga, qandaydir umumiy qonuniyatga boʻysunishini koʻrsatadi. Shu umumiy tomonlarda bir turdagi qator predmetlarning hammasiga xos boʻlgan xususiyatlar ifodalanadi, buni faqat predmetning ayrim tomonlarini mavhumlashtirish, ulardan uzoqlashib, umumiy tomonlarini aniqlabgina bilish mumkin. A. jarayonida real predmetlardan ajralib qolish hodisalari ham koʻp uchraydi, bunda u asosli xulosalarga emas, balki xato natijalarga, quruq formula, sxemalarga olib keladi. A. ilm-fan, sanʼat uchun reallikni toʻgʻri va chuqur, har tomonlama bilish quroli boʻlib xizmat qiladi. Falsafa A. va abstraksiyalashning mohiyati, mazmuni, tabiati, ahamiyatini eng umumiy shaklda yoritib beradi. Aning turli xususiy tomonlari mantiq, psixologiyada ham tahlil etiladi. A. dialektika doirasida talqin etilganda, „konkretlikdan abstraktlikka oʻtish“ va „abstraktlikdan konkretlikka oʻtish“ degan dialektik bilish usullari asoslab beriladi[1].

  1. "Abstraksiya" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



pFad - Phonifier reborn

Pfad - The Proxy pFad of © 2024 Garber Painting. All rights reserved.

Note: This service is not intended for secure transactions such as banking, social media, email, or purchasing. Use at your own risk. We assume no liability whatsoever for broken pages.


Alternative Proxies:

Alternative Proxy

pFad Proxy

pFad v3 Proxy

pFad v4 Proxy